Adliya sohasida hamkorlik: O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasida malaka oshirish seminari [fr] [ru]

O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasi Fransiya Respublikasi Magistratura oliy maktabi (ENM) hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda 6-7-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari professor-o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan malaka oshirish seminarini tashkil etdi.

2012-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari va Fransiya Respublikasi Magistratura oliy maktabi (ENM) o‘rtasida anglashuv bayonoti tuzilgan edi. 2017-yil boshida mazkur ikki muassasa o‘rtasida O‘zbekistondagi olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va prokuratura xodimlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik qayta yo‘lga qo‘yildi.

6-7-sentabr kunlari Bosh Prokuraturada bo‘lib o‘tgan seminarni Bosh Prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, Fransiya elchisi Violen de Vilmor xonim va Yevropa havfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori elchi Jon Makgregor ochib berishdi. ENM sud qarorlarini qabul qilish va jinoiy huquq kafedrasi o‘qituvchisi Oreli Reymon va o‘quv ishlari bo‘yicha koordinator Loran Jevre olib borgan o‘quv seminarida prokuratura xodimlarini tayyorlovchi 25 nafar o‘zbekistonlik o‘qituvchi ishtirok etdi.

Mazkur seminarni o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan maqsad – prokuratura xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish sohasida, xususan, o‘quv dasturlarini yaratish, dars jarayonida foydalaniladigan turli texnologiyalar hamda baholash tizimi bo‘yicha Fransiya tajribasini taqdim etish edi.

Prokuratura va ENM o‘rtasida yangi hamkorlik uch yillik rejaga asoslangan. Bosh Prokuratura Oliy o‘quv kurslarining ikki xodimi 14-15-sentabr kunlari ENMning Parij va Bordo bo‘limlariga tashrif buyurishib, prokuratura xodimlari malakasini oshirish, maxsus kurslar va xalqaro aloqalarning qanday yo‘lga qo‘yilganligi bilan yaqindan tanishishadi.

publie le 08/09/2017

hautdepage