Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi

9-fevral kuni Fransiya elchixonasining muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajaruvchi Miriam Gallan xonim O‘zbekiston Respublikasi yozuvchilar uyushmasi taklifiga binoan buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi. Marosimda rasmiy shaxslar, deputatlar, shoir va yozuvchilar, talabalar qatnashdi.

Gallan xonim o‘z nutqida faylasuf shoir hayoti va ijodi fransuz sharqshunoslari tomonidan har doim katta qiziqish bilan o‘rganib kelinganligini ta’kidladi.

Darvoqe, Alisher Navoiy haqidagi ma’lumotlar Fransiyada ilk bor 1697-yilda, ya’ni Bartoleme d’Erbelo de Molenvil qalamiga mansub «Sharq kutubxonasi» nomli yirik qomusiy lug‘atda keltirilgan. 1841-yili Kollej de Frans professori Etyen-Mark Katremer Alisher Navoiy asarlaridan ilk tarjimalar e’lon qiladi. Shu davrdan boshlab shoir ijodi yuzasidan qator tadqiqotlar olib borildi, uning asarlaridan tarjimalar nashr etildi.

Shu o‘rinda fransuz sharqshunosligida Navoiy to‘g‘risidagi eng so‘nggi va eng mukammal tadqiqot Mark Tutan 2013-yil Parijda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasi ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Shuningdek, mashhur Hamid Sulaymonov “Devoni Foniy”ni nashrga tayyorlashda Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalarga asoslangan.

publie le 10/02/2016

hautdepage