Alisher Navoiyga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda Fransiya elchisining ishtiroki [fr] [ru]

8-fevral kuni Fransiya elchisi Violen de Vilmor xonim o‘zbek arboblari, elchilar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, milliy-madaniy markazlar rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari qatorida «Alisher Navoiy va XXI asr» deb nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi. Mazkur tadbir buyuk o‘zbek shoirining 577 yilligini nishonlash doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, UNESCOning O‘zbekistondagi doimiy vakili Dendev Badarch, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali va bir qator adabiyot va san’at namoyondalari so‘zga chiqishdi.

Universitetga tashrifi davomida elchi xonim tarjimonlik kafedrasi laboratoriyalarining zamonaviy jihozlanganligini ta’kidlash bilan birgalikda tarjimonlik mutaxassisligida ta’lim olayotgan talabalar bilim darajasidan bag‘oyat mutaassir bo‘lganligini e’tirof etdi.

Fransiya elchixonasi nofilologik yo‘nalishlarda fransuz tili ta’limi, xususan, bo‘lg‘usi jurnalistlar va iqtisodchilar uchun fransuz tili ta’limi yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bu sohada universitetlararo aloqalarning mustahkamlanishiga harakat qiladi. Eslatib o‘tamiz, elchixona o‘zbek talabalariga Fransiyada ta’lim olish uchun stipendiyalar taqdim etib keladi.

publie le 13/03/2018

hautdepage