Arxeologiya va madaniy merosni asrab-avaylash sohasida hamkorlik

Bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda turli tarixiy davrlar va turli hududlarni qamrab oluvchi to‘rtta qo‘shma fransuz-o‘zbek arxeologik missiyalari ish olib bormoqda. Ular sirasiga Samarqanddagi Afrosiyob muzeyida saqlanayotgan « Elchilarning qabul qilinishi » mavzusidagi devoriy rasmlarni ta’mirlash loyihasi ham kiradi. Mazkur missiyalar Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Xorijda arxeologik tadqiqotlar maslahat kengashi tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanadi. Afrosiyob devoriy rasmlari ta’miri loyihasi esa bir qator davlatlar elchixonalari, shu jumladan, Fransiya elchixonasi moliyaviy ko‘magi yordamida amalga oshirilmoqda.

Sug‘diyona fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi (MAFOUZ-Sug‘diyona))

1989-yilda asos solingan MAFOUZ-Sug‘diyona eng birinchi fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi hisoblanadi. Mazkur missiyaga Fransiya tomonidan Kollej de Frans professori Frantz Grene, O‘zbekiston tomonidan Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Mutallib Hasanov rahbarlik qilishadi. Missiya Samarqand va viloyatdagi boshqa bir qancha qadimiy shaharlarda qazishmalar olib boradi, Sug‘diyonaning temir asridan boshlab mo‘g‘il bosqiniga qadar bo‘lgan davrlari madaniy qatlamini o‘rganadi. Qazishmalar samarasi o‘laroq, zardushtiylikning paydo bo‘lishi, Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi, sug‘d savdo yo‘llari kabi O‘zbekiston tarixida katta ahamiyat kasb etuvchi masalalar yoritib beriladi.

Shimoliy Baqtriya fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi (MAFOUZ-Baqtriya)

1993-yili asos solingan ushbu missiyaga Fransiya Ilmiy tadqiqotlar milliy markazi (CNRS) professori Pyer Lerish va Termiz Davlat universiteti professori To‘xtash Annayevlar rahbarlik qilishadi. Missiya Surxondaryodagi Eski Termezda qazishmalar olib boradi. Missiya maqsadi Aleksandr Makedonskiy bosqinidan to Chingizxon bosqinigacha bo‘lgan davrda mazkur hududda aholining o‘rnashishi, shaharsozlik masalalariga aniqlik kiritishdir.

Markaziy Osiyoda neolitga o‘tish davrini o‘rganish bo‘yicha Oyoqog‘itma fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi (MAFANAC)

2005-yilda asos solingan mazkur missiyaga CNRSdan Frederik Brunet va Arxeologiya institutidan Muhiddin Xo‘janazarovlar rahbarlik qilishadi. Qizilqum cho‘lida qazishmalar olib boruvchi mazkur missiya neolit davriga oid Kaltaminor madaniyatini o‘rganadi (eramizdan oldingi VII-VI ming yilliklar). Kaltaminor O‘rta Osiyo hududidagi ilk chorvachilik xo‘jaligi bo‘lib, mezolitdan neolitga o‘tish davriga oid termachilik-ovchilik-baliqchilik o‘zlashtiruvchi xo‘jaliklari an’analarini o‘zida mujassamlashtiruvchi g‘oyatda boy moddiy madaniyatga ega.

Buxoro vohasi fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi (MAFOUB)

2009-yilda asos solingan Rokko Rante va J. K. Mirzaahmedov rahbarligidagi ushbu missiya Luvr muzeyining Islom san’ati bo‘limi hamda Arxeologiya instituti ilmiy xodimlaridan iborat. Missiya Buxoro vohasida, xususan, Poykent va Romiton shahar xarobalarida qazishmalar olib boradi. Missiyaning asosiy e’tibori islomdan keyingi davrga, ya’ni, arab bosqinidan to aholi shaharni butunlay tark etishigacha (XVI-XVII asrlar) bo‘lgan davrga qaratilgan.

Afrosiyob muzeyidagi (Samarqand) « Elchilarning qabul qilinishi » devoriy rasmlarini ta’mirlash loyihasi

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda MAFOUZ-Sug‘diyona tashabbusi bilan 2014-yil aprel oyida ishga tushirilgan « Elchilarning qabul qilinishi » devoriy rasmlarini ta’mirlash loyihasiga bosh ta’mirchi Jeraldin Fray xonim rahbarlik qilmoqda. 1965-yilda baxtli tasodif sharofati bilan topilgan eramizning VII asriga oid ushbu devoriy rasmlarda shoh Varxumanning qo‘shni davlatlar, xususan, Xitoy bilan diplomatik aloqalari mavzusi tasvirlangan. Mazkur devoriy suratlar Buyuk ipak yo‘lining oltin asridan guvohlik beruvchi O‘rta Osiyoda yagona osori atiqa majmuyidir. Yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan ushbu devoriy suratlar zudlik bilan ta’mirlash ishlari amalga oshirilishini talab etardi. To‘rt yilga mo‘ljallangan ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun xalqaro jamoatchilikka murojaat qilinib, yetarli miqdorda mablag‘lar to‘plandi.

JPEG

Shuningdek, Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydonidagi koshin to‘shamalar Dordong shahri hokimiyati va Fransiya Tashqi ishlar vazirligi mablag‘lari bilan Fransiyaning SOCRA korxonasi tomonidan ta’mirlandi. Ikki yil davom etgan ta’mirlash ishlari 2014-yil may oyida yakunlandi. Ta’mirdan chiqqan koshinkor to‘shamalar usti yopiq inshoot bilan himoyalandi. Endilikda ushbu me’moriy yodgorlik tashrif buyuruvchilar uchun ochiq.

publie le 14/06/2016

hautdepage