Fransiya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Eyroning O’zbekistonga tashrifi [fr] [ru]

Fransiya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Eyro O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning taklifiga binoan 2017-yil 14-15-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Jan-Mark Eyro, shuningdek, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov qabulida bo‘ldi. U O‘zbekistonda hozirgi kunda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar va davlatning taraqqiyot istiqbollari bilan tanishdi.

Shu uchrashuvlar davomida Jan-Mark Eyro Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligi nishonlanlanayotgan ayni bir paytda ikki tomonlama hamkorlikning kelgusi imkoniyatlari bilan tanishib chiqdi. Shu munosabat bilan Fransiya-O‘zbekiston Biznes-klubi vakili, Fransiya tashqi savdo bo‘yicha maslahatchisi Pyer-Pol Antenissens hamda O‘zbekiston savdo va sanoat palatasi boshlig‘i Alisher Shayxov anglashuv memorandumini imzolashdi.

Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘rnatilgan ishonch va hurmat asosidagi aloqalar hamda iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, havfsizlik, ta’lim, malaka oshirish va sog‘liqni saqlash kabi turli sohalarda umumiy manfaatlar mavjudligi Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Muzokaralar chog‘ida mintaqadagi vaziyat va xalqaro miqyosdagi dolzarb muammolar, jumladan, Afg‘oniston, Siriya, Shimoliy Koreya borasida ham to‘xtalib o‘tildi.
Jan-Mark Eyro o‘z suhbatdoshlari bilan terrorizm va radikalizm kabi muammolar bo‘yicha ham atroflicha fikr almashdi. U jihodchi guruhlarga qarshi kurash va terrorchilikning oldini olish uchun hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Safar doirasida Hazrati imom majmuasiga tashrifning ko‘zda tutilganligi vazirlarga O‘zbekistonning boy tarixiy merosiga urg‘u berish, ikki davlat o‘rtasida madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni muhokama qilish imkonini berdi.

Jan-Mark Eyro Luvr muzeyida «Samarqanddan Buxorogacha: islom olami markazidagi voha tamadduni osori atiqalari» deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etilishi imkoniyati haqida ham fikr bildirdi.

publie le 04/10/2017

hautdepage