Fransiya taraqqiyot agentligi hamda Yevropa Ittifoqi Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini zamonaviylashtirishga ko‘mak beradi [fr] [ru]

19-yanvarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA), Yevropa Ittifoqi hamda Samarqand shahar hokimiyati ko‘magida amalga oshiriladigan yangi «Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni yaxlit boshqarish» loyihasi taqdim qilindi.

Taqdimotda mahalliy hokimiyat hamda diplomatik korpus vakillari, shu jumladan, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Olimjon Ismailovich Ochilov, Samarqand shahar hokimi Akbar Safarovich Shukurov, Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari O‘tkir Zubaydovich Abdullayev, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor, FTAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Rafael Jozan, FTA loyiha jamoasi hamda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining hamkorlik loyihalari bo‘yicha menejeri Elbek Xodjaevlar ishtirok etishdi.

Loyiha eng ilg‘or tajribalar va jahon andozalariga muvofiq qattiq chiqindilarni boshqarishning yaxlit hamda barqaror tizimini yaratishga qaratilgan.

Chiqindilar yig‘ishni yengillashtirish hamda shaharda sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash maqsadida loyiha doirasida 200 ga yaqin chiqindi yig‘ish shoxobchalarini yaratish va mavjudlarini zamonaviylashtirish ishlari moliyalashtiriladi. Shuningdek, chiqindilarni yig‘ish samaradorligini oshirish maqsadida taxminan 2100 konteyner va 70 chiqindi yig‘ish mashinasi xarid qilinadi. Amaldagi chiqindixona hududida chiqindilarni atrof-muhitdan mustahkam ihota qilishga yordam beradigan sanitariya poligoni quriladi. Qayta ishlanadigan materiallarni (asosan plastikni) saralash ishlarini mukammallashtirish hamda yangi poligonda ko‘miladigan chiqindilar hajmini kamaytirish uchun uning kirish qismida yarim mexanizatsiyalashtirilgan saralash zavodi quriladi.

Ushbu hududda energiya manbai sifatida chiqindi gazini yig‘ish, qayta ishlash va qiymat berish ishlari ham amalga oshiriladi. Biogazdan olinadigan suyiltirilgan gaz chiqindi yig‘ish mashinalari uchun yoqilg‘i sifatida hamda poligon ehtiyojlariga elektr energiyasi olish uchun ishlatiladi. Poligonda chiqindilar parchalanishini tezlatish va energiya ishlab chiqarish uchun innovatsion «bioreaktor texnologiyasi» tatbiq qilinadi. Loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish masalalari bo‘yicha aholi bilimlarini oshirish yuzasidan turli tadbirlar o‘tkazib borish ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyiha tadbirlari ijobiy ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadi, jumladan, yer usti va tuproq qatlamining ifloslanishi darajasi kamayadi, aholining yashash darajasi va Samarqand shahrining ko‘rki oshadi.

Mazkur loyiha 2016-yilning 19-dekabr kunida FTA va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida imzolangan umumiy qiymati 23,5 million yevro bo‘lgan kredit shartnomasi natijasida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Ushbu moliyalashtirish Yevropa Ittifoqining 8,25 million yevro miqdordagi granti bilan to‘ldirilgan bo‘lib, hozirda Samarqand shahar hokimiyati, FTA hamda Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi mazkur loyihani yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borishmoqda. Qurilish ishlari 2017-2019-yillarda amalga oshiriladi.

JPEG

publie le 30/01/2017

hautdepage