« Fransiyada oliy ta’lim » kuni muvaffaqiyat bilan o‘tdi [fr] [ru]

12-yanvar kuni Toshkent fransuz alyansida Kampus Frans agentligi va Fransiya elchixonasi tomonidan ilk bor tashkil qilingan «Fransiyada oliy ta’lim» kuni bo‘lib o‘tdi.

Kun davomida Toshkent shahri va poytaxt viloyatidan kelgan 300 dan ortiq talaba va o‘qituvchilar Toshkent fransuz alyansi (AFT) va Kampus Frans tashkil etgan stendlarni tomosha qilish, shuningdek, AFT, Kampus Frans va elchixona vakillari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Stendlarda sayyohlik, iqtisodiyot, huquqshunoslik, sog‘likni saqlash, xalqaro munosabatlar, aniq va tabiiy fanlar, injenerlik va boshqa sohalarda Fransiya oliygohlarida ta’lim olish haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Fransiyada ta’lim olishni davom etdirish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalarga o‘z hujjatlarini tayyorlashda ko‘mak berish maqsadida «Fransiyada oliy ta’lim» kuni doirasida AFTda quyidagi mahorat darslari o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

- 19-yanvar: Tarjimai hol va asosnoma xat qanday yoziladi? Umumiy masalalar
- 24-yanvar: Dosye qanday tuziladi?
- 31-yanvar: Tarjimai hol va asosnoma xat yozishning o‘ziga xos xususiyatlari: amaliyotga tatbiq qilish

Navbatdagi «Fransiyada oliy ta’lim» kunlari 15-16-mart kunlari Frankofoniya bayrami doirasida O‘zbekiston milliy universitetida bo‘lib o‘tadi.

AFTda bo‘lib o‘tgan tadbir munosabati bilan Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor xonim «France Alumni – O‘zbekiston» (www.ouzbekistan.francealumni.fr) platformasining ochilishini e’lon qildi.
Mazkur platforma Fransiyada oliy ta’lim olgan o‘zbekistonlik talabalar uchun mo‘ljallangan.

Platforma imkoniyatlari Toshkent fransuz maktabi hamda AFTning sobiq o‘quvchilari uchun ham ochiq.
«France Alumni» platformasi ko‘p sonli horijlik sobiq talabalar Fransiya bilan, o‘zlari ta’lim olgan oliy o‘quv yurtlari bilan, korxonalar bilan aloqada bo‘lish imkonini beradi.

Platformaning interfaol ma’lumotnomasi sobiq talabalar o‘zaro muloqot o‘rnatish imkonini yaratadi.

Saytda foydalanuvchilar diqqatiga munozara maydonchalari, mavzular bo‘yicha guruhlar taklif etiladi. Tematik guruhlar: Kampus Frans-O‘zbekiston, Toshkent fransuz alyansi, Toshkent fransuz maktabi va O‘zbekistonlik talabalar.

«France Alumni» platformasida, shuningdek, Fransiya ta’lim muassasalari haqida ma’lumotlar, yirik fransuz korxonalariga mo‘ljallangan rubrikalar mavjud. Bo‘sh o‘rinlar haqida e’lonlar va xabarnomalar muntazam tarzda yangilanib boradi.

publie le 02/02/2017

hautdepage