Fransiyalik dirijyor Fabien Teeriksen boshchiligida konsert

3-oktabr kuni O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida «Sug‘diyona» o‘zbek xalq cholg‘ulari kamer orkestrining fransiyalik dirijyor Fabien Teeriksen boshchiligida zo‘r muvaffaqiyat bilan bo‘lib o‘tgan konsertida asosan o‘zbek milliy musiqa asboblari uchun maxsus notaga tushirilgan Ramo, Bize, Masne, Ravel, Sent-Sans kabi fransuz bastakorlarining barokko va mumtoz musiqiy asarlaridan namunalar ijro etildi.

Musiqiy asarlarni Fabien Teeriksen bilan bamaslahat notaga tushirish ishlari bir qator o‘zbek bastakorlari tomonidan amalga oshirildi. Ular bu ishni amalga oshirishda fransiyalik dirijyor bilan bir necha oy davomida bilvosita aloqada bo‘lishdi. «Sug‘diyona» rahbari Feruza Abdurahimova sa’y-harakatlari bilan konsertga puxta tayyorlangan orkestr uchun Fabien Teeriksen boshchiligidagi uch kunlik repetitsiya so‘nggi nuqtani qo‘yishda yetarli bo‘ldi.

Konsert dasturida Sulaymon Yudakov va Mustafo Bafoyev kabi o‘zbek bastakorlarining ikkita asari ham ijro etildi.

Fabien Teeriksen «Sug‘diyona» orkestriga dirijyorlik qilgan birinchi xorijlik san’atkordir.

publie le 05/10/2015

hautdepage