Fransuz tili o‘qituvchilari kuni [fr] [ru]

28-noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan ilk bora tashkil etilgan Xalqaro fransuz tili o‘qituvchilari kuni O‘zbekistonda ham nishonlandi.
Ushbu bayram arafasida Fransiya elchxonasining madaniy va texnik hamkorlik bo‘limi Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan fransuz tili o‘qituvchilari uchun navbatdagi malaka oshirish seminarini tashkil etdi.

Parkentdagi 9-son o‘rta umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ushbu seminarni fransuz tilini o‘yinlar yordamida o‘qitish bo‘yicha mutaxxasis Ann-Mari Polo olib bordi. Seminar qatnashchilari fransuz tilini o‘yinlar orqali o‘qitishning yangi usullarini o‘rganib oldilar va Toshkent fransuz alyansida fransuz tili o‘qituvchilari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida o‘z hamkasblariga bu o‘yinlarni namoyish qildilar.

Fransuz tili o’qituvchilari kuni dasturi turli xil o‘yinlarni, o‘quvchilarni ta’lim olishga rag‘batlantirish bo‘yicha konferensiyani va O‘zbekistondagi birinchi fransuz tili o‘qituvchilari uyushmasining ta‘sis yig‘ilishini o‘z ichiga oldi. Ushbu uyushma Fransuz tili o‘qituvchilarining xalqaro uyushmasiga a’zo bo‘lishi mumkin.

Kun yakunida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining fransuz tili o‘qituvchilari Fransiya elchisi qarorgohida tashkil etilgan qabulga tashrif buyurdilar. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Izabel Servoz-Galluchchi xonim nutq so‘zlab, O‘zbekistonda o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta‘lim sohasida ishlaydigan 3 mingga yaqin o‘qituvchi qariyb 300 ming o‘quvchi va talabalarga fransuz tilidan saboq berishini ta‘kidladi. Jumladan O‘zbekistondagi 812 maktabda va 6 ta chet tili chuqurlashtirib o‘qitiladigan maxsus maktablarda fransuz tili o‘qitiladi. 8 ta universitetda fransuz tili yoki roman tillari kafedralari mavjud bo‘lib, ularda talabalar asosiy fan sifatida fransuz tilini o‘rganadilar, shuningdek, boshqa sohalarga ixtisoslashgan ko‘plab talabalar uni chet tili sifatida o‘rganadilar.

Bayram arafasida O‘zbekiston fransuz tili o‘qituvchilari uchun ajoyib bir xushxabar keldi. Xalqaro fransuz tili o‘qituvchilari kunini nishonlash tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlab olingan 19 ta g‘olib loyihalardan biri Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi 13-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabi fransuz tili o‘qituvchisi Doston Rahimov taqdim etgan loyiha bo‘ldi. Ushbu loyiha O‘zbekistondagi barcha fransuz tili o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan oylik jurnalni chop etish va tarqatishni ko‘zda tutadi.

publie le 02/12/2019

hautdepage