Fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish seminari (Toshkent sh., 2015-yil 24-27-mart)

Fransiya elchixonasi 24-27-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti bilan birgalikda fransuz tili o‘qituvchilari va trener-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga mo‘ljallangan Respublika miqyosidagi malaka oshirish seminarini tashkil etdi.

Fransiyaning Bezanson amaliy tilshunoslik markazidan kelgan Elen Vantye mashg‘ulotlar olib borgan mazkur seminarda butun Respublikadan kelgan fransuz tili oqituvchilari va trener-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Vantye xonim kichik yoshdagi bolalarga fransuz tilini o‘rgatish bo‘yicha mutaxassis hisoblanib, shu bilan birga, « Zig Zag » darsligining muallifi hamdir. Seminarda chet tillardan bilim darajasini aniqlash bo‘yicha mutaxassis Yuliya Mrachkovskaya, boshlang‘ich sinflar uchun fransuz tili darsligi « Hirondelle » hammuallifi Shodiyor Nishonboyev, fransuz tili hamkorligi bo‘yicha elchixona attashesi Frederik Viyomlar ham mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.

Ushbu seminarda 60 dan oshiq o‘qituvchilar malaka oshirishgan bo‘lsa, ulardan 34 kishi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tumanlardagi tayanch maktablar negizida 3-sinflar uchun mo‘ljallangan « Hirondelle 3 » darsligi asosida fransuz tili o‘qituvchilari malakasini oshirish vazifasi yuklatilgan trener-o‘qituvchilardir. Darvoqe, « Hirondelle 3 » darsligi joriy yilning sentabr oyigacha chop etiladi va yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda qo‘llanila boshlaydi.

Kezi kelganda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, 13-16-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Fransiya elchixonasining navbatdagi malaka oshirish seminarida Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Samarqand va Toshkentdagi universitetlardan keladigan 40 dan ortiq fransuz tili o‘qituvchilari ishtirok etishadi.

publie le 08/04/2015

hautdepage