INSHEA inklyuziv ta’lim bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi [fr] [ru]

Kuni kecha Fransiyaning nogironlik va inklyuziv ta‘lim sohasida kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot instituti INSHEA Jizzax pedagogika instituti hamda Samarqand Davlat universiteti delegatsiyasini Parijda kutib olgan edi. Ushbu safar davomi sifatida INSHEA xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nel Somon xonim va Xalqa ta’limi maxsus noziri Frank Sahagian O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. INSHEA delegatsiyasi Fransiya elchixonasi tashkil etgan Yozgi maktab doirasida o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etishdi

Buxoro Davlat universiteti, Samarqand Davlat universiteti, Toshkent Davlat pedagogika universiteti hamda Maktabgacha ta’lim vazirligida mutasaddilar bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazishdi.

Uchrashuvlar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar mobilligi bo‘yicha "Erasmus+" dasturlariga arizalar topshirish, inklyuziv ta’lim bo‘yicha malaka oshirish seminarlari tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Fransuz delegatsiyasi Toshkent shahridagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun mo‘ljallangan 369-son bolalar bog‘chasini ham borib ko‘rdi. Shuni ta’kidlab o‘tish joyizki, kapital ta’mirlanishdan keyin joriy yilning aprel oyida qayta ochilgan ushbu bolalar bog‘chasida kelgusida inklyuziv yo‘nalishdagi umumiy ta’lim bo‘yicha guruhlar ochilishi ko‘zda tutilgan. Delegatsiyaga Fransiya elchixonasi madaniyat va texnik hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Emili Dezormyer xonim hamrohlik qildi.

Eslatib o’tamiz, INSHEA faoliyati Xalq ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar vazirligi vakolati ostida amalga oshirilib, inklyuziv ta’lim, ijtimoiy va kasbiy integratsiyaga qaratilgan. Institut asosiy uch yo‘nalishda ish olib boradi, bular: kadrlar tayyorlash, texnik, pedagogik va ilmiy adabiyotlar, resurslar yaratish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish. O‘tgan yilning dekabr oyida INSHEA direktori Joze Puig o‘zbek ta’lim muassasalari bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

publie le 25/06/2019

hautdepage