Iqlim 2015 Parij anjumani bo‘yicha Fransiya maxsus elchisi Kensi xonim tashrifi

Iqlim o‘zgarishlari muammolari yechimlariga bag‘ishlangan COP 21 anjumani arafasida, 15-19-oktabr kunlari Fransiyaning Iqlim 2015 bo‘yicha maxsus elchisi Beranjer Kensi xonim O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Kensi xonim Tashqi ishlar vazirligi hamda Uzgidromet, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rta Osiyo hududiy ekologik markazi kabi iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf qilish bilan shug‘ullanuvchi bir qator tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashdi. Elchi xonim quyi palata O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi rahbari B. Alixonov va «Ekoforum» nodavlat tashkiloti raisi S. Sanginovlar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

Tashrifdan foydalanib, Kensi xonim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga Fransiya Respublikasi Prezidenti Fransua Olland va Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius nomidan bitilgan COP 21 anjumaniga taklifnoma xatni ham topshirdi.

Tashrif mobaynida maxsus elchi Toshkent fransuz alyansida (AFT) «Iqlim o‘zgarishi muammolari va Iqlim 2015 Parij anjumani (COP 21)» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzasidan so‘ng Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) Toshkent bo‘limi boshlig‘i Rafael Jozan iqlim himoyasi yo‘lida agentlik amalga oshirayotgan loyihalar bilan tanishtirdi.

Muloqotlar chog‘ida Kensi xonim O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlari muammolariga katta ahamiyat qaratilayotganligini ta’kidladi hamda barqaror va uzoq muddatli energetika taraqqiyotiga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan (energetika samaradorligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari) tashabbuslarni olqishladi.

Joriy yilning 30-noyabr – 11-dekabr kunlari Parij shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan 21-anjumani bo‘lib o‘tadi. Fransiya mezbon davlat sifatida anjuman samarasi o‘laroq Yer harorati ko‘tarilishining 2°C dan oshib ketmasligini ta’minlovchi xalqaro bitimga kelib olinishidan umidvor.

Entretien à Uzhydromet
Entretien au CAREC (Central Asia Regional Environment Center)
Conférence de Mme Quincy, à l'Alliance française de Tachkent, sur le thème : « Le défi climatique et la conférence Paris Climat 2015 (COP21) »
M. Raphaël Jozan, directeur du bureau de l'AFD à Tachkent

publie le 06/01/2016

hautdepage