Ma’muriyat va mahalliy boshqaruv bo‘yicha fransuz oliy ta’lim muassasalari delegatsiyalarining Toshkentga tashrifi: Vakillik boshqaruvi instituti (IGD) va Boshqaruv milliy maktabi (ENA) [fr] [ru]

Fransiya elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi bilan hamkorlikda 30-noyabr va 1-dekabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekistonning mansabdor davlat xizmatchilarini mahalliy boshqaruv bo‘yicha o‘qitish dasturi doirasida seminar tashkil qildi.

Davlat boshqaruv akademiyasining tinglovchilari seminar davomida Vakillik boshqaruvi instituti direktori Pyer-Emerik Shaban va loyiha rahbari Lor Lagasning ma’ruzalarini tinglashga, ularning Davlat-Xususiy tarmoq hamkorligi sohasidagi, xususan, shaharlarni obodonlashtirish, shahar suv va issiqlik ta’minoti, oqava suvlarini tozalash va chiqindilarni qayta ishlash, transport va uy-joy sohalaridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mazkur seminar Davlat boshqaruv akademiyasining 12 nafar tinglovchisi tomonidan 2017-yilning 1 – 7-oktabr kunlari Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifning davomi sifatida tashkil qilindi. Safar davomida tinglovchilar fransuz ma’muriyatining faoliyati, xususan, vakillik boshqaruvi doirasida xususiy tarmoq bilan hamkorligini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishgan edi.

Ketma-ket tashkillashtirilgan bu o‘quv tadbirlari hududlardagi boshqaruv kadrlarini tayyorlash va mahalliy boshqaruvni isloh qilish yo‘nalishidagi ishlar qatoriga kiradi. O‘quv safari va seminar BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda va uning ko‘magida o‘tkazildi.

Shuningdek, Boshqaruv milliy maktabining xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Pyer Tenar va pedagogik maslahatchisi Emili Desormyer seminar munosabati bilan Davlat boshqaruv akademiyasi, Boshqaruv milliy maktabi va Vakillik boshqaruvi instituti o‘rtasida kelgusida hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlari yuzasidan muzokara o‘tkazish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Bu ikki mehmon Davlat boshqaruv akademiyasining o‘quv binosiga tashrif buyurib, muassasaning rektori va prezident maslahatchisi Rustam Qosimov bilan uchrashdi, Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Elchi Violen de Vilmor xonim seminar munosabati bilan Toshkent shahar hokimiyati, Davlat boshqaruv akademiyasi, xalqaro tashkilotlar va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakillari ishtirokida Fransiya qarorgohida tashkillashtirilgan qabul marosimida nutq so‘zladi.

publie le 19/10/2018

hautdepage