Madaniyat va hamkorlik bo‘limi

O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasining madaniyat va hamkorlik bo‘limi (SCAC) vazifasi fransuz tili va madaniyatini targ‘ib etish, madaniyat va san’at sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki davlat o‘qituvchilari, olimlari va tadqiqotchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

SCAC o‘zbek muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda:
- Madaniy tadbirlarni tashkil qiladi;
- Fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish seminarlarini o‘tkazadi;
- Oliy ta’lim muassasalariga o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatishda ko‘maklashadi;
- Fransiyada ta’lim olish uchun stipendiyalar taqdim etadi;
- Sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda muassasalararo fikr almashinuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Madaniy hamkorlik

SCAC fransuz va o‘zbek muassasalari bilan hamkorlikda madaniy tadbirlar dasturini (teatr, musiqa, raqs, ko‘rgazmalar, kino) ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Mazkur tadbirlar doirasida yosh ijodkorlar va talabalar uchun mo‘ljallangan mahorat darslar ham tashkil etib boriladi. Mazkur tadbirlar haqida saytimizdan (Hamkorlik va madaniyat), shuningdek, SCACning Facebook tarmog‘idagi sahifasidan (Culture France Ouzbékistan) bilib olishingiz mumkin.

Fransuz tili sohasida hamkorlik

Fransuz tili o‘qituvchilari va trenerlari malakasini oshirish

SCAC tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda mamlakatdagi ta’lim muassasalarida fransuz tili o‘qitilishiga ko‘mak beradi. Shu jumladan, oliy, o‘rta maxsus va o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim beruvchi fransuz tili o‘qituvchilari uchun fransiyalik mutaxassislar ishtirokida respublika va viloyatlar miqyosida malaka oshirish seminarlari tashkil qiladi.

Yoshlar uchun mo‘ljallangan tadbirlar

Yoshlarni fransuz tilini o‘rganishga jalb qilish maqsadida Frankofoniya bayrami, talabalar va o‘quvchilar frankofon teatr festivali, Yevropa tillari kuni kabi turli-tuman tadbirlar o‘tkazib boriladi.

Sertifikatlar

SCAC Toshkent fransuz alyansi bilan birgalikda fransuz tilidan sertifikatlash imtihonlarini (DELF, DALF, TCF) o‘tkazadi.

Universitetlararo hamkorlik

O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida universitetlararo hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish SCACning asosiy vazifalaridandir. Bo‘lim Fransiya universitetlarini O‘zbekiston ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan ERASMUS+ loyihalarida ishtirok etishga jalb etadi.

SCAC Kampus Frans agentligining Toshkent bo‘limi yordamida Fransiya oliy ta’limini targ‘ib etish, shuningdek, xoh o‘z hisoblaridan bo‘lsin, xoh Fransiya hukumati stipendiyalari dasturi (BGF) doirasida bo‘lsin, Fransiyada ta’lim olish istagidagi o‘zbekistonlik talabalarga maslahatlar berish bilan shug‘ullanadi. Toshkent fransuz alyansi qoshida joylashgan Kampus Frans bo‘limi jamoatchilik uchun ochiq.

Muassasalararo va texnik hamkorlik

SCAC qonunning ustuvorligi, huquqshunoslik, sog‘liqni saqlash sohalarida muassasalararo hamkorlik loyihalarini, hamkor tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni qo‘llab quvvatlaydi. O‘zbekiston hukumati yoki xalqaro tashkilotlar mazkur sohalarda o‘tkazadigan tadbirlarda Fransiya tomonining ishtirokini ta’minlaydi.

Arxeologiya

SCAC O‘zbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya instituti bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan va Fransiya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan fransuz arxeologik missiyalari ishini mazkur vazirlik nomidan muvofiqlashtiradi. Shu bilan birga, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda fransuz mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan moddiy madaniy yodgorliklarni ta’mirlash loyihalarini ham qo‘llab quvvatlaydi (Arхеоlоgiya va madaniy mеrоsni asrab-avaylash).

EUNIC tarmog‘i

SCAC Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan, shuningdek, EUNIC (Yevropa milliy madaniy institutlar tarmog‘i) doirasida Britaniya Kengashi va Gyote Instituti bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

publie le 29/09/2016

hautdepage