O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida pianinochi Erve Sellen konserti [ru]

UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusiga ko‘ra 7-30-aprel kunlari o‘tkazilayotgan Xalqaro jaz festivali doirasida va Xalqaro jaz kuni munosabati bilan Fransiya elchixonasi pianinochi Erve Sellenni konsert berish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. Fransiyalik sozanda 29-aprel kuni soat 18:30 da O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida Botir Zokirov nomidagi O‘zbekiston Davlat jaz orkestri bilan birgalikda konsert beradi.

1957-yil tavallud topgan Erve Sellen 1980-yil Parijdagi musiqa va raqs oliy konservatoriyasini pianino va kamer musiqa yo‘nalishida ikki oliy mukofot bilan muvaffaqiyatli ravishda tugalladi. 1984-yildan boshlab 15 yildan ortiq Jonni Griffin bilan birgalikda ijod qilgan E. Sellen keyinchalik Dizzi Gillespi, Chet Baker, Di Di Brijvoter kabi mashhur jaz musiqachilari bilan ham hamkorlik qildi. 1989-yildan boshlab o‘z sekstetiga asos solgan san’atkor 1990-yilda pianinochi, bastakor va aranjirovkachi sifatida Fransiya Jaz akademiyasining Jango Reinhardt mukofotiga sazovor bo‘ldi. Erve Sellen Parij musiqa va raqs oliy konservatoriyasida jaz va improvisatsion musiqa bo‘limida dars beradi.

JPEG

Toshkent safari davomida E. Sellen konservatoriya talabalariga hamda V. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilariga mahorat darslari beradi. Shuningdek, 30-aprel kuni O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida o‘zbek, turk va shveytsariyalik san’atkorlar bilan birgalikda jaz festivalining yakuniy konsertida ishtirok etadi.

29-aprel kungi konsert chiptalari borasida ma’lumot olish uchun telefonlar: 289-57-95, 185-89-55, 988-61-73.

II Jaz festivali haqida batafsil ma’lumotlarni UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi saytidan olishingiz mumkin: http://www.unesco.org/new/en/tashke...

publie le 02/05/2016

hautdepage