O‘zbekiston va Fransiya sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari [fr] [ru]

O‘zbekiston so‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev va Fransiyaning French Healthcare uyushmasi boshlig‘i Jan Fransua Gendron o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar epidemiologik vaziyat va COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risida fikr almashdilar, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya va aholi salomatligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Tadbirda Fransiyadagi « Foch » kasalxonasi, Kyuri ilmiy-tadqiqot instituti, Cerba Health Care laboratoriyalari mutaxassislari va INVIVOX tibbiy raqamli platformasini ishlab chiquvchilari ishtirok etishdi.

Tomonlar COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda ikki tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta‘kidladilar. French Healthcare uyushmasining boshlig‘ini aytishicha, « Foch » kasalxonasining reanimatsiya mutaxassislarini O‘zbekistonga tajriba almashish uchun tashrifi rejalashtirilmoqda. Cerba Healthcare tibbiy biologiya laboratoriyasi vakili laboratoriya tekshiruvlari, uskunalarni tanlash va preanalitik treninglar bo‘yicha o‘z tajribalarini taklif qildi.

Fransiyalik hamkorlar o‘zbekistonlik mutaxassislarni kutib olishga hamda texnik va tibbiy maslahatlar berish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi. Uchrashuv davomida ilmiy-ma‘rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ushbu uzoq muddatli hamkorlik loyihasini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar.

publie le 13/10/2020

hautdepage