Orano O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi [fr] [ru]

Orano kompaniyasi O‘zbekistonda geologik qidiruv va konlarni ishlatish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi (O‘zdavgeolqo‘m) bilan hamkorlik kelishuvini imzoladi.

Ikki tomon bir necha oydan so‘ng o‘z faoliyatini boshlaydigan qo‘shma korxona tuzishga qaror qildi. Qo‘sham korxonaning 51 % ulushi Orano kompaniyasiga, 49 % ulushi esa O‘zdavgeolqo‘mga tegishli bo‘ladi.

Mazkur kelishuv ikki tomonning O‘zbekistondagi, xususan Qiziqilqum cho‘li markazida joylashgan Navoiy viloyatidagi uran konlari loyihalari bo‘yicha hamkorlik qilish istagini aks ettirgan hujjat hisoblanadi.

JPEG - 41.5 ko
Signature partenership Ouzbékistan 2019
© Orano, François Guichard

Tomonlar shu paytgacha O‘zdavgeolqo‘m tomonidan aniqlangan resurslar klassifikatsiyasini yaxshilash va uranning yangi manbalarini topish uchun o‘rganish ishlarini olib borishni rejalashtirmoqda.

Dastlabki yer ishlarining boshlanishi 2020-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan.
« Kompaniyamiz faoliyatining geografik kengayishiga xizmat qiladigan va uning Markaziy Osiyodagi o‘rnini mustahkamlaydigan mazkur kelishuvdan xursandmiz va bu bilan faxrlanamiz. Kelishuv Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanishida ishtirok etadi. O‘zbekiston yopiq usulda uran qazib olinadigan konlarni ishlatish bo‘yicha katta tajribaga ega. Orano kompaniyasining bu usul bo‘yicha xalqaro tajribasi loyihadan kutilgan natijani berishga xizmat qiladi. Bu esa yangi hududlarga investitsiya qilish va samaradorligimizni oshirishga qodir bo‘lgan innovatsion yechimlarni rivojlantirishga hamda mijozlarimizning ehtiyojlarini qondirishga imkon beradi », - dedi Orano kompaniyasi rahbari Nikola Mae.

« O‘zbekiston mineral resurslarga boy mamlakat hamda rivojlangan konchilik sanoatiga ega. Mamlakat Muruntov oltin koni, Qalmaqir mis koni, Uchquduq uran koni kabi dunyo miqyosidagi konlardan foydalanmoqda. Uran sanoatimizni diversifikatsiya qilish hamda ikki tomonning imkoniyatlari va tajribasini birlashtirgan holda ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini yaratish maqsadida, bugun biz Orano bilan hamkorlik kelishuvini imzoladik. Kelishuv harakatlarimizni mustahkamlaydi hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga imkon beradi. Ishonchimiz komilki, tan olingan ekspert va dunyo bozorining barqaror ishtirokchisi bo‘lgan ishonchli hamkor, Orano kompaniyasini tanlagan holda, qo‘shma korxonamiz tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning muvaffaqiyatiga xizmat qilamiz. Aminmizki, bugungi kelishuvning imzolanishi Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar va do‘stlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan ramziy kun bo‘ladi », - deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobur Islomov.

Batafsil ma’lumot (ingliz tilida).

publie le 11/10/2019

hautdepage