Samarqand shahri Afrosiyob muzeyidagi Elchilar zali devoriy suratlar taqdimoti [fr] [ru]

Joriy yilning 21-sentabrida Samarqand shahar tarixi Afrosiyob muzeyida Elchilar zali devoriy suratlarini ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Fransiya elchisi Violen de Vilmor xonim ishtirok etdi. Ta’kidlab o‘tish joyizki, ushbu misli ko‘rilmagan amaliyot fransuz va o‘zbek arxeologlari hamkorligining tarixiyligi va samaradorligining yaqqol timsoli bo‘la oladi.

Devoriy rasmlarni ta’mirlash loyihasi Sug‘diyona fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi, Samarqand shahar muzeylar boshqarmasi hamkorligida va UNESCO ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan edi. Bir qator davlatlar O‘zbekistondagi o‘z elchixonalari orqali mazkur loyihaga moliyaviy ko‘mak berish niyatini bildirishdi. Shu tarzda taqdim etilgan ulushlar Afrosiyob devoriy rasmlarini asrab-avaylash uyushmasi orqali yig‘ilib fransiyalik va o‘zbekistonlik ikki mutaxassis Jeraldin Fray va Marina Reutova boshchiligida ta’mirlash ishlarini boshlab yuborish imkonini berdi.

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, «Carnot» fondi (Fransiya), Temuriylar san’ati va tarixi uyushmasi, «Fransiya Kolleji» fondi, AQSh elchixonasi, Shveytsariya elchixonasi va Janubiy Koreyaning «Shimoli-sharqiy Osiyo tarixi» uyushmasi kabi bir qator tashkilotlar mazkur loyihani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi.

1965-yil qurilish ishlari paytida tasodifan topilgan eramizning VII asriga oid Afrosiyob devoriy rasmlari ilk ta’mirlash ishlari o‘tkazilgandan keyin 1985-yilda Samarqandda ko‘rgazmaga qo‘yilgan edi. Podshoh Varxumanning qo‘shni davlatlar, jumladan, Xitoy bilan diplomatik munosabatlari tasvirlangan ushbu devoriy suratlar, shak-shubhasiz, Buyuk ipak yo‘lining oltin asri hamda bu davrda Samarqandning kuch-qudratidan guvohlik beradi. Binobarin Elchilar zali devoriy suratlarining ma’naviy va tarixiy ahamiyati nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun ham bebahodir. O‘zbek hukumatiga ushbu osori atiqa O‘zbekiston tarixining naqadar qadimiyligi va boyligini yana bir bor ta’kidlash imkonini beradi.

Elchilar zali devoriy suratlari loyihasidan tashqari Fransiya turli tarixiy davrlarni o‘rganish uchun 1989-yildan buyon faoliyat yuritib kelgan to‘rtta fransuz-o‘zbek arxeologik missiyalar orqali ham arxeologik tadqiqotlarga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda:

1/ 1989-yilda asos solingan Sug‘diyona ekspeditsiyasi eng birinchi fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi hisoblanadi. Mazkur missiyaga Fransiya tomonidan Fransiya Kolleji professori Frants Grene, O‘zbekiston tomonidan Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Mutallib Hasanov rahbarlik qilishgan. Missiya Samarqand va viloyatdagi boshqa bir qancha qadimiy shaharlarda qazishmalar olib boradi, Sug‘diyonaning temir asridan boshlab mo‘g‘il bosqiniga qadar (XIII asr) bo‘lgan davrlari madaniy qatlamini o‘rganadi. Qazishmalar samarasi o‘laroq, zardushtiylikning paydo bo‘lishi, Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi, sug‘d savdo yo‘llari kabi O‘zbekiston tarixida katta ahamiyat kasb etuvchi masalalar yoritib beriladi;

2/ 1993-yili asos solingan Shimoliy Baqtriya fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasiga Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi (CNRS) professori Pyer Lerish va Termiz Davlat universiteti professori To‘xtash Annayevlar rahbarlik qilishgan. Missiya Surxondaryodagi Eski Termezda qazishmalar olib boradi. Missiya maqsadi Aleksandr Makedonskiy bosqinidan to Chingizxon bosqinigacha bo‘lgan davrda mazkur hududda aholining o‘rnashishi, shaharsozlik masalalariga aniqlik kiritishdir;

3/ 2005-yilda asos solingan Markaziy Osiyoda neolitga o‘tish davrini o‘rganish bo‘yicha Oyoqog‘itma fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasiga (MAFANAC) Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazidan Frederik Brunet va Arxeologiya institutidan Muhiddin Xo‘janazarovlar rahbarlik qilishadi. Qizilqum cho‘lida qazishmalar olib boruvchi mazkur missiya neolit davriga oid Kaltaminor madaniyatini o‘rganadi (eramizdan oldingi VII-IV ming yilliklar). Kaltaminor O‘rta Osiyo hududidagi ilk chorvachilik xo‘jaligi bo‘lib, mezolitdan neolitga o‘tish davriga oid termachilik-ovchilik-baliqchilik o‘zlashtiruvchi xo‘jaliklari an’analarini o‘zida mujassamlashtiruvchi g‘oyatda boy moddiy madaniyatga ega;

4/ 2009-yilda asos solingan Rokko Rante va J. K. Mirzaahmedov rahbarligidagi Buxoro vohasi fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi (MAFOUB) Luvr muzeyining Islom san’ati bo‘limi hamda Arxeologiya instituti ilmiy xodimlaridan iborat. Missiya Buxoro vohasida, xususan, Poykent va Romiton shahar xarobalarida qazishmalar olib boradi. Missiyaning asosiy e’tibori islomdan keyingi davrga, ya’ni, arab bosqinidan to aholi shaharni butunlay tark etishigacha (XVI-XVII asrlar) bo‘lgan davrga qaratilgan.

publie le 03/10/2017

hautdepage