Sayyohlik – Fransiyaga xalqaro sayyohlar oqimi to‘g‘risida 2015-yilga statistik ma’lumotlar [fr] [ru]

Korxonalar bosh boshqarmasi Fransiya banki bilan hamkorlikda o‘tkazadigan xalqaro sayyohlikni o‘rganish bo‘yicha yillik «EVE» so‘rovnomasiga ko‘ra Fransiya 2015-yilda ham xorijlik sayyohlar oqimi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘ldan boy bermadi.

So‘rovnomaning ko‘rsatishicha, xorijlik sayyohlar soni yildan yilga oshib bormoqda : 2015-yilda Fransiyaga 84,5 million sayyoh tashrif buyurgan, bu esa 2014-yildagidan 0,9% ga ko‘proqdir. Agarda Fransiyaning dengiz-orti hududlarini ham hisobga oladigan bo‘lsak, sayyohlar soni 85 milliondan ham oshib ketadi (bu boradagi statistik ma’lumotlar ustida ish olib borilmoqda).

Xalqaro sayyohlarning Fransiyada bo‘lish kunlari soni ham 2015-yilda 0,8% oshdi. Bu esa yalpi ichki mahsulot shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lmish sayyohlik tarmog‘idan keladigan daromadlarning oshishiga sabab bo‘ldi (2014-yilda 7,4%).
2015-yilgi ma’lumotlarni chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, yilning birinchi uchta choragi (xalqaro sayyohlar tashrifi 1,8% ga oshgan) so‘nggi chorakni (3,1% ga kamaygan) muvozanatga solganligini ko‘rishimiz mumkin. Darhaqiqat, 13-noyabrdagi hodisalar xorijiy sayyohlar tashrifiga sezilarli ravishda ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Parij shahriga sayyohlar soni noyabr-dekabr oylarida 15% ga tushib ketdi.

2015-yilni umumlashtirib ko‘radigan bo‘lsak, olis davlatlardan keluvchi sayyohlar soni 11,6% ga oshgan. Yevropa davlatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar ko‘rsatkichlari esa, aksincha, 1,5% ga tushib ketganligi kuzatiladi.

Osiyolik sayyohlar soni hayratlanarli darajada oshgan (22,7%). Bu esa, ayniqsa, Xitoy, Hindiston, Singapurdan keladigan sayyohlarga nisbatan 2014-yildan beri yo‘lga qo‘yilgan shoshilinch viza berish (“2 sutkada viza”) tizimining (2015-yilda xitoylik sayyohlar 38% ni tashkil etdi) hamda “Atout France” va diplomatik tarmoqlar hamkorlikda amalga oshirgan targ‘ibot ishlarining samaradorligini ko‘rsatadi. Shu tarzda xitoylik sayyohlar soni ilk bora 2 milliondan oshib ketdi (2,2 million). Hind sayyohlari soni 500 000 dan oshib, viza so‘rovnomalari 48,14% ga ko‘tarilgan. Amerikalik sayyohlar soni 15,2% ga oshib, ushbu mijozlarning yana Fransiyaga qaytayotganligini bildirmoqda.

Yevropalik sayyohlar soni kamayishi, asosan, nemislar (-9,2%) va shveytsariyaliklar (-6,5%) hisobiga bo‘lmoqda. Angliyaliklar esa, aksincha, ko‘proq tashrif buyurishmoqda (3,3%). Italiyalik va ispaniyalik sayyohlar ham ulardan qolishayotganliklari yo‘q (6,5% va 4,9%).

Umuman olib qaraganda ijobiy bo‘lgan ushbu natijalar hukumat 2012-yildan buyon olib borayotgan strategiyaning asosli ekanligini ko‘rsatadi hamda Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda 2014-2015-yillarda amalga oshirib kelayotgan va Sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha yillik konferensiyada e’lon qilingan ishlarni davom etdirishga undaydi.

Shuningdek, 2015-yil noyabr hodisalari sayyohlar va xorijiy sayyohlik operatorlari nuqtai nazariga ta’sir qilmasligi uchun katta safarbarlik talab qilinadi. Bu jihatdan Jan-Mark Ayro tomonidan 1-mart kuni sayyohlik tarmog‘i mutasaddilari va hamkorlari e’tiboriga e’lon qilingan targ‘ibot kampaniyasi ustida ish olib borilmoqda. Ushbu kampaniyani amalga oshirish uchun Davlat va xususiy hamkorlar tomonidan 1 million yevro ajratiladi.

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan xalqaro miqyosdagi ulkan sport, madaniy va iqtisodiy tadbirlarga (masalan, Yevro-2016 chempionati) ham alohida e’tibor qaratiladi. Bunday tadbirlar Fransiyada sayyohlikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

publie le 21/04/2016

hautdepage