Shoazim Minovarov Fransiya Respublikasi Hukumati nomidan «Xizmatlari uchun» milliy ordeni bilan taqdirlandi [fr] [ru]

8-may kuni Toshkent fransuz alyansi raisi Shoazim Minovarov fransuz tilini targ‘ib qilishga hamda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Fransiya Respublikasi Hukumati nomidan «Xizmatlari uchun» milliy ordeni bilan taqdirlandi.

Shu munosabat bilan Fransiya elchisi qarorgohida qabul marosimi o‘tkazildi va elchi Violen de Vilmor xonim ushbu yuksak mukofotni Shoazim Minovarovga topshirdi. Marosimda uning oila a’zolari, yaqinlari, do‘stu yorlari hamda frankofonlar va fransuz tili ixlosmandlari ishtirok etishdi.

Shoazim Minovarov O‘zbekiston milliy universitetining roman-german filologiyasi fakultetini tugatganidan keyin, ushbu universitetda fransuz va lotin tillaridan dars berdi. Sobiq Sovet Ittifoqining Gvineyadagi, so‘ngra Jazoyirdagi elchixonalarida tarjimon, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining protokol bo‘limida tarjimon, Tashqi ishlar vazirligida birinchi kotib bo‘lib xizmat qildi. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasi qoshidagi Diniy ishlar qo‘mitasi raisi vazifasida dinlararo va millarlararo bag‘rikenglikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shdi. Undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Tashqi sihlar vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaqin va O‘rta Sharq masalalari bo‘yicha maxsus vakili, O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi elchisi vazifalarida ishladi.

Shoazim Minovarov mohir tarjimon sifatida fransuz klassik adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga tarjimalar qildi, jumladan, Monteskyening «Fors nomalari», Le Klezioning «Mondo va boshqa hikoyalar», Sharl Perroning «Ona g‘oz ertaklari», Fransua Moriakning «Ilonlar changalida», Modianoning «To‘y sayohati» asarlarini sanab o‘tish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida», fransuz kitobxonlari tomonidan iliq kutib olingan Erkin A’zamning qalamiga mansub «Alvido, ertaklar» kitobini fransuz tiliga tarjima qildi.
Shoazim Minovarov 2015-yilda tashkil etilganidan buyon Toshkent fransuz alyansi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu tashkilot Fransiya va O‘zbekiston Respublikalari Tashqi ishlar vazirlari imzolagan Hukumatlararo bitim asosida ta’sis etildi.

«Xizmatlari uchun» milliy ordeni XX asr o‘rtalarida ta’sis etilgan bo‘lib, jamiyatning turli jabhalarida faoliyat yuritib kelayotgan shaxslar buyuk xizmatlari uchun taqdirlanishadi. Ushbu orden Fransiyaning gullab-yashnashiga qo‘shilgan hissani munosib taqdirlash, bu boradagi xohish-istak va xatti-harakatlarni rag‘batlantirishda munosib mukofotdir.

publie le 17/05/2017

hautdepage