Toshkent fransuz alyansi ochilishi munosabati bilan qabul marosimi

2015-yil 3-iyun kuni Fransiya elchisi qarorgohida Toshkent fransuz alyansi (AFT) ochilishi munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi. Marosimda o‘zbek rasmiylari, elchilar, ishbilarmon doiralar vakillari, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan fransuzlar, jurnalistlar va ko‘plab fransuz tili o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Fransiya elchisi Jak-Anri Els janoblari fransuz tili va madaniyatini targ‘ib etuvchi ushbu yangi muassasaning ta’sis etilishida jonbozlik ko‘rsatgan shaxslarga, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

Elchi o‘z nutqida «Bu alyans joriy yilning 16-aprel kuni Adliya vazirligi tomonidan mahalliy qonunchilik asosida nodavlat-notijorat tashkilot tarzida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Davlatlarimiz tashqi ishlar vazirlari tomonidan o‘tgan yili 7-noyabrda imzolangan hukumatlararo bitim uning ta’sis etilishiga zamin yasadi», deb qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha: «Toshkent fransuz alyansi Parijdagi Fransuz alyansi fondi tomonidan tan olindi. Bu borada AFT Fond tamoyillariga, xususan, demokratik faoliyat tarziga va sifat talablariga mutanosib ish olib boradi. AFT o‘z miqyosi bilan dunyoda peshqadamlik qilib kelayotgan fransuz alyanslari tarmog‘i tarkibiga kiradi. Bugungi kunda jahonning besh qit’asida 850 dan ortiq fransuz alyanslarida har yili 550 mingdan oshiq o‘quvchilar fransuz tilini o‘rganmoqdalar.»

Elchi janoblari AFT raisi Shoazim Minovarov va uning direktori Yuliya Mrachkovskayalarni sidqidildan qutladi.

publie le 04/06/2015

hautdepage