Toshkentda fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish seminari bo‘lib o‘tdi [fr] [ru]

Fransiya elchixonasi 25-28-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti (XTXQTMOMI) bilan hamkorlikda fransuz tili o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan hududiy miqyosdagi malaka oshirish seminarini tashkil etdi.

Fransuz tili o‘qituvchilarini trener-o‘qituvchi sifatida qayta tayyorlash uchun yo‘lga qo‘yilgan seminarlar turkumining 3-qismini Elchixonaning hamkorlik va madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Izabel Kelbel, XTXQTMOMI prorektori Nargiza Rahmonqulova va Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurahim Nosirovlar ochib berishdi. Seminarda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari va poytaxtdan kelgan 35 nafar o‘qituvchi o‘z malakalarini oshirishdi.

Fransuz tilini chet tili sifatida o‘qitish metodikasi bo‘yicha mutaxassis Elodi Ressush olib borgan ushbu seminarlar turkumidan maqsad fransuz tili o‘qituvchilarini trener-o‘qituvchi sifatida qayta tayyorlashdan iborat.

Fransiya elchixonasi tashabbusi bilan Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarlar samarasi o‘laroq, bo‘lg‘usi trenerlar 2017-yildan boshlab butun Respublika bo‘ylab 2000 dan oshiq fransuz tili o‘qituvchilarining til va metodologiya bo‘yicha malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘lishadi.

publie le 17/11/2016

hautdepage