Yevropa tillar kuni 2019 [fr] [ru]

Yevropa Kengashi tashabbusi bilan har yili 26-sentyabr kuni turli mamlakatlarda Yevropa tillar kuni nishonlanadi. Shu tariqa 2001-yildan boshlab Yevropa Komissiyasi bilan birgalikda Yevropa Kengashi ko‘p tillilikni barcha mamlakatlarda targ‘ib qilib kelmoqda.

O‘zbekistonda Yevropa tillar kuni rasmiy sanadan olti kun avval, ya‘ni 20-sentabr kuni O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida Gyote instituti, Shveytsariya, Ruminiya va Gruziya davlatlari elchixonalari, universitetning ingliz, fransuz, ispan, italyan va slavyan tillari kafedralari bilan birgalikda nishonlandi.
Bu yil maskur kun doirasidagi tadbirlar zamonaviy dramaturgiyaga bag‘ishlanganligi sababli, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniy va texnik hamkorlik bo‘limi janob Remi De Vosni taklif etdi. Fransuz yozuvchisi va dramaturgi talabalar uchun konferensiya va mart oyida Frankofoniya bayrami doirasida fransuz rejissyori Natali Konio-Toven tomonidan sahnalashtirilgan pyesasiga bag‘ishlangan uchrashuvlarda qatnashdi.

Yevropa tillar kuni tadbirlari quyidagi tartibda o‘tkazildi:

Bayram Remi De Vos, Jahon tillari universiteti va Gyote instituti tomonidan taklif etilgan mehmon ma‘ruzachilar ishtirokidagi konferensiya bilan boshlandi. Unda zamonaviy dramaturgiyaning turli jihatlari haqida ma’ruzalar qilindi.

Rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakili va hamkor davlatlar elchilari tantanali nutq so‘zladilar va bir necha xorijiy tillarni bilish muhimligini ta‘kidladilar. Keyin ushbu tadbir doirasida tashkil etilgan musobaqalar g‘oliblari e‘lon qilindi. Fransiya, Shveytsariya elchixonasi, Toshkent fransuz alyansi va Gyote instituti g‘oliblarni esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Taqdirlash marosimidan so‘ng universitet talabalari turli tillarda tayyorlagan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar. Va nihoyat, talabalar turli Yevropa mamlakatlarining stendlari orqali Yevropada ta’lim olish haqida ma‘lumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Kun nihoyasida O‘zbekiston yoshlar teatrida Remi De Vosning “Bizni o‘lim ajratguncha” spektakli birinchi bora fransuz tilidagi subtitrlar bilan ommaga taqdim etildi. Bunda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti fransuz filologiyasi kafedrasi talabalari katta hissa qo‘shdilar.

publie le 26/09/2019

hautdepage